Men uchun ham o`zingni asra

Sevdim degan so`zingni asra,
Meni kutgan ko`zingni asra,
Seni topgum, yoningga borgum,
Men uchun ham o`zingni asra.

Asra, dilda muxabbatingni,
Asra menga ko`ngil xatingni,
Menga atab hamma gapingni,
Men uchun ham o`zingni asra.

Ko`ksingdan otilsa ming faryod,
Seni ko`p yig`latsa bu hayot,
Sabr qil, topmasang bir najot,
Men uchun ham o`zingni asra.

Sinab bir bor va`dalar kuchin,
Dildan olmay xatolar o`chin,
O`rtada sof sevgimiz uchun,
Men uchun ham o`zingni asra.

Uzun yillar kitobin yopgum,
Bir kun yig`lab izlaring o`pgum,
Bir kun seni baribir topgum,
Men uchun ham o`zingni asra.

Yurakka in qurmayin qayg`u,
Hayotingga solmagin og`u,
Sendan bitta iltimosim shu,
Men uchun ham o`zingni asra.

To`ldir jonim, qalbingni nurdan,
Go`zal bo`lsin tunlaring kundan,
Sevsang agar Ahadni chindan,
Men uchun ham o`zingni asra.

Ahad Qayum

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *